Saytdagi oxirgi ma'lumot yangilangan sana: 14-январь 2025, 15:35
 Bosh sahifa  Mobile versiya

6 V-sinf o‘quvchilari ishtirokida navbatdagi mahorat saboqlari tashkil etildi

       Bugun maktabning 6 V-sinf o‘quvchilari ishtirokida navbatdagi mahorat saboqlari tashkil etildi. Unda buyuk adib va jamoat arbobi Chingiz Aytmatov asarlari taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Ma'lumki, Chingiz Aytmatov asarlarini o‘qigan har bir o‘quvchi hayot, inson, olam, tiriklik haqida olam-olam saboqlar, xulosalar, fikrlar oladi. Bu saboqlar uni ma'naviy komillik sari yo‘lga undaydi. O‘quvchiga ma'naviy madad beradi, mayoq va saboq vazifasini o‘taydi. 
       — Adibning “Sohil bo‘ylab chopayotgan olapar” asari insonga bo‘lgan umidning yorqin namunasi sanaladi, — deydi o‘zbek tili va adabiyoti o‘qituvchisi Maftuna Nurmatova. — Bolani, kelajakni saqlab qolish, eng so‘nggi tomchi suvni ichib qo‘ymaslik uchun kattalar birin-ketin halok bo‘lishadi. Agar kattalar o‘zlarini kelajakni — bolani saqlab qolish uchun qurbon qilishmaganda chanqoqlikdan bola — kelajak ham halok bo‘lardi. So‘nggi tomchi suv bilan tirik qolgan bola o‘z manziliga, ona makoniga yetib boradi. Bu inson va uning yelkasidagi mas'uliyat, baniolam hamda odam uchun kelajakni saqlab qolish haqidagi timsoliy xulosa, timsoliy hikmat edi. 
      Taqdimotda o‘quvchilar Chingiz Aytmatovning “Oqkema” qissasini mutolaa qilib kelishlari bo‘yicha vazifa berildi. Asarda insoniy go‘zallik, ezgulik va hayot ziddiyatlari, ekologiya muammolari teran tadqiq etiladi. O‘quvchilar “Oqkema” qissasini o‘qirkan, fikr-mulohazalarini qog‘ozga bayon etib borishlari kerak. Bu, ularning navbatdagi 3-chorak ta'tilini mazmunli o‘tkazish maqsadida belgilandi. Mahorat darsida maktab kutubxonachisi K.Asrorova va targ‘ibotchi G.Shodiyeva o‘quvchilarning ushbu asar mutolaasiga qiziqishini kuchaytirish borasida qiziqarli ma'lumotlar berishdi.