Bugun, 26 yanvar kuni maktabimizning 3 V - sinf hamda 5 V - sinf o‘quvchilari ishtirokida “Kitob aql qal’asi - javohirlar xazinasi” mavzusida suhbatlashdik. Maktab kutubxonasiga sayohat uyushtirdik. Bizga maktab kutubxonachisi K.Asrorova kutubxona xazinasi haqida qiziqarli ma’lumotlar berdi. O‘quvchilardan qishki ta’tilda o‘qigan kitoblari haqida so‘radik. Ular xayojon va zavq bilan o‘qigan kitoblarini aytib berishdi. Kitobsevar o‘quvchilarning aksariyati yoshiga munosib tarzda ertaklar va kichik hikoyalar mutolaa qilishibdi. Shu bois vaqtlari mazmunli o‘tibdi. Yana ko‘pchiligi qish fasli taassurotlarini qog‘ozga tushirib, she’rlar yod olishgan. Eng muhimi, yosh kitobxonlarning mutolaadan olgan taassurotlari bir olam, qiziqishlari esa yanada oshganligi sezildi. Ayniqsa, 3 V - sinf o‘quvchilari Kamolova Parizoda, Rasuljonova Moxina, Nasullayeva Fotima, Karimov Olim, Zapurxonova Shaxrizoda va 5 V - sinf o‘quvchilari Jo‘rayeva Rayhona, Abdurasulova Adiba, Toxirova Omina o‘qigan kitoblari haqida sevinib gapirarkan, tengdoshlariga ham ushbu kitoblar mutolaasini tavsiya etishdi. Jumladan, o‘quvchilar “Uch ayiq”, “Tulki bilan turna”, “Aka-ukalar ertagi”, “Sirli tush”, “Sherdan qo‘rqmaydigan tulki”, “Oltin baliq”, “Sariq devni minib” kabi sarguzashtlarga boy asarlardan ma’naviy zavq olishgan. Ishonamanki, maktab kutubxonasiga sayohatimiz o‘quvchilarning kitobga bo‘lgan mehr-muhabbatini oshirib, ma’naviy olamini boyitishga katta hissa qo‘shadi.