Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi, Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligining “Umumiy oʻrta taʼlim muassasalari bitiruvchilarini oʻrgangan kasb-hunari boʻyicha amaliy imtihondan oʻtkazish va ularga elektron sertifikat berish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qarori Adliya vazirligi tomonidan roʻyxatdan oʻtkazildi.
Nizom talablariga koʻra:
➖ kasbiy taʼlim fani maktabning 10-11-sinf oʻquvchilarini kasb-hunarga oʻqitish uchun joriy etiladi;
➖ kasb-hunarga oʻqitish joriy etiladigan umumiy oʻrta taʼlim muassasalarining roʻyxati Maktabgacha va maktab taʼlimi vaziri buyrugʻi bilan tasdiqlanadi;
➖ kasbiy taʼlim yoʻnalishi boʻyicha amaliy imtihon oʻtkaziladigan kun va vaqt maktabning pedagogik kengashi tomonidan tasdiqlanadi va imtihon boshlanishidan kamida oʻn besh kun oldin maktabning kirish qismiga osib qoʻyiladi;
➖ amaliy imtihonning har bir kasb turi boʻyicha baholash mezonlari va savollari vazirlik tomonidan tasdiqlanadi;
➖ imtihon natijalari imtihon yakunlangandan soʻng shu kunning oʻzida eʼlon qilinadi;
➖ imtihonda uzrli sabablarga koʻra ishtirok etmagan yoki amaliy imtihonda 55 ball va undan past natija koʻrsatgan bitiruvchiga imtihon yakunlangan kundan eʼtiboran ikki hafta ichida amaliy imtihonni qayta topshirishga ruxsat etiladi;
➖ uzrsiz sabablarga koʻra amaliy imtihonda qatnashmagan bitiruvchilarga imtihonni qayta topshirishga ruxsat berilmaydi;
➖ bitiruvchi amaliy imtihonni qayta topshirishda 55 ball yoki undan kam ball toʻplasa, unga sertifikat berilmaydi;
➖ bitiruvchilar kasbiy taʼlim yoʻnalishi toʻgʻrisidagi sertifikatlarni har yili 30-iyunga qadar, amaliy imtihonni qayta topshirgan bitiruvchilar 10-iyulga qadar maxsus elektron platforma orqali bepul yuklab olishlari mumkin.